TO‘QIMACHILIK SANOATI KORXONALARIDA XODIMLARNING KASBIY KOMPETENTLIGINI RIVOJLANTIRISHNING TASHKILIYIQTISODIY MEXANIZMLARINI TAKOMILLASHTIRISH
Maqolada O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati korxonalarida xodimlarning kasbiy kompetentligini rivojlantirishning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlari tadqiq etilgan. 2025-yilda tarmoqda 623 ming kishi band bo‘lgan, ishlab chiqarish hajmi 134 trln so‘mga yetgan. Ayni paytda eksport 2023-yildagi 3,1 mlrd dollardan 2025-yilda 2,63 mlrd dollarga qisqargan, malakali mutaxassislar yetishmasligi esa tarmoq rivojiga to‘sqinlik qiluvchi omillar qatorida rasman qayd etilgan. Tadqiqotda normativ-huquqiy hujjatlar tahlili, Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlarining ikkilamchi tahlili, Osiyo taraqqiyot banki, GIZ, IFC va Better Work hisobotlarini qiyosiy o‘rganish hamda tarkibiy-funksional modellashtirish usullari qo‘llanildi. Ma’lumotlar 2023-2026-yillarni qamrab oladi, birlamchi so‘rov o‘tkazilmagan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bir xodimga to‘g‘ri keladigan eksport 5,44 ming dollardan 4,22 ming dollarga, ya’ni 22,4 foizga kamaygan. Bandlik o‘sgani holda bu ko‘rsatkichning pasayishi tarmoq o‘sishi asosan yangi ish o‘rinlari hisobiga borayotganini ko‘rsatadi. So‘rovda qatnashgan to‘qimachilik ish beruvchilarining 47 foizigina bitiruvchilar tayyorgarligini yetarli deb baholagan, xalqaro sertifikat talablariga javob beradigan korxonalar esa jami korxonalarning taxminan 2,9 foizini tashkil etgan. 2025-yilda eksport tarkibida tayyor mahsulotlar ulushi 54,3 foizga yetgan, bu esa texnologik tayyorgarlik, sifat nazorati va mehnat standartlariga oid kompetentliklarga talabni oshiradi. Davlat qo‘llayotgan imtiyozli kredit va moliyaviy sog‘lomlashtirish choralari xodimlar malakasi ko‘rsatkichlariga bog‘lanmagan. Shu asosda korxona, klaster va davlat darajalarini bog‘lovchi mexanizm modeli taklif etildi. Unda kasb standartlariga asoslangan kompetentlik matritsasi, malaka darajasiga bog‘langan ish haqi, klaster ichida birgalikda moliyalashtiriladigan o‘quv fondi va malakani mustaqil baholash markazlari bitta tizimga keltirilgan. Mexanizm natijasini o‘lchash uchun kasb standartiga asoslangan integral kompetentlik indeksi va o‘qitish xarajatlarining rentabelligi (ROI) ko‘rsatkichlari tavsiya etildi. Xulosalardan korxonalarning kadrlar xizmatlari, tarmoq uyushmalari, paxta-to‘qimachilik klasterlari hamda kadrlar siyosatini ishlab chiquvchi davlat organlari foydalanishi mumkin.
Authors
- Sayyora Xolbekova
Publication Details
- Journal
- Innovations in Science and Technologies
- Published
- 2026-11-25
- Primary Topic
- Competency Development and Evaluation
- Type
- article
- Field-Weighted Citation Impact
- 0.00