SAMARQAND SHAHRIDAGI UMUMIY OVQATLANISH KORXONALARINING IQTISODIY SAMARADORLIGINI INSTITUTSIONAL VOSITALAR ASOSIDA OSHIRISH
Maqolada Samarqand shahridagi umumiy ovqatlanish korxonalarining iqtisodiy samaradorligini oshirishda institutsional vositalarning: soliq imtiyozlari, qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) qisman qaytarish, soddalashtirilgan soliq rejimi, naqd pulsiz to‘lovlarni rag‘batlantirish, mehnat va ijara munosabatlarini soddalashtirish hamda nazorat yuklamasini kamaytirish choralarining roli tadqiq etilgan. Mavzuning dolzarbligi Samarqandning turizm markazi sifatida tez rivojlanayotgani va 2024-2026-yillarda soha uchun qator yangi institutsional choralar qabul qilingani bilan izohlanadi. Tadqiqotda tizimli tahlil, mazmun tahlili, taqqoslash, modellashtirish va sezgirlik tahlili usullari qo‘llanilib, Samarqand viloyati statistika boshqarmasi ma’lumotlari, normativ-huquqiy hujjatlar tahlili va shartli korxona modeli asosida turli soliq rejimlarida sof foyda va soliq yuki solishtirilgan. 2024-2026-yillarda qabul qilingan 10 ta institutsional vosita soliq yuki, xarajatlar, daromad va transaksiya xarajatlariga ta’sir kanallari bo‘yicha tizimlashtirilgan. Natijalarga ko‘ra, 2024-yilda Samarqand shahri viloyat yashash va ovqatlanish xizmatlarining hududlar bo‘yicha taqsimlangan hajmining 58,7 foizini ta’minlagan, shahar mehmonxonalarida joylashtirilganlar soni 2025-yilda 72,8 foizga oshgan. Modellashtirish 2025-yildan amal qilayotgan imtiyozlar shartli korxonaning sof foydasini imtiyozsiz rejimga nisbatan 18,2-27,6 foizga oshirishini, naqd pulsiz tushum sharti esa sof foydada 7,9 foizlik farq yaratganini ko‘rsatdi. Soddalashtirilgan 6 foizlik QQS rejimi QQS hisobvarag‘i bilan xarid qilingan resurslar ulushi 58,6 foizdan past bo‘lgan korxonalar uchun afzal ekani aniqlandi. Tadqiqot asosida korxonalarga soliq rejimini tanlashda maslahat berish, imtiyozlarni qo‘llash amaliyotini monitoring qilish va shahar darajasidagi institutsional vositalarni rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan. Shuningdek, soliq yukini kamaytirish va tushum shaffofligini saqlash maqsadlari o‘rtasidagi ziddiyat aniqlanib, uni yumshatish yo‘llari ko‘rsatilgan. Natijalardan Samarqand shahar hokimligi, soliq organlari va tadbirkorlar qaror qabul qilishda foydalanishi mumkin.
Authors
- Mirzaaxmedov Durbek
Publication Details
- Journal
- Innovations in Science and Technologies
- Published
- 2026-11-24
- Primary Topic
- Economic Issues in Ukraine
- Type
- article
- Field-Weighted Citation Impact
- 0.00